Shohrux Foziljonov
Back to all writing

Personal

Yugurish haqida ko'p gapirishadi — lekin odatda noto'g'ri narsalar haqida gapirishadi....

August 24, 2026 · 3 min read

Yugurish haqida ko'p gapirishadi — lekin odatda noto'g'ri narsalar haqida gapirishadi. Kaloriya, metabolizm, endorfin. Bularning hammasi to'g'ri, bularning hammasi haqiqiy, lekin bular yugurishning eng sayoz qatlami. Haqiqiy narsa ancha chuqurroqda.

Birinchi marta chiqqaningda miya darhol qarshilik ko'rsatadi. Bu hissiyot emas — bu sof biologiya. Amigdala xavf signali yuboradi, prefrontal korteks esa uni mantiqiy oqlashga urinadi: "Bugun charchoq bor, ertaga yaxshiroq bo'ladi, bir kun o'tkazib yuborsang ham hech narsa bo'lmaydi." Va bu ovoz juda ishonchli eshitiladi — chunki u ichkaridan keladi, chunki u sening tilida gapiradi.

Ko'pchilik aynan shu nuqtada to'xtaydi. Va to'xtash o'sha daqiqada noto'g'ri ko'rinmaydi — aksincha, aqlli qaror kabi tuyuladi. Lekin shu "aqlli qaror" kundan kunga takrorlanadi, va bir kuni qaraysan — yillar o'tib ketibdi, lekin sen hali ham o'sha birinchi qadamni qo'ymagan bo'lasan.

Jordan Peterson "12 Rules for Life" kitobida shunday yozadi: agar siz dunyoni o'zgartirishni, insoniyatga foydangiz tegishini xohlasangiz — buni avval yashab turgan xonamizni tozalashdan boshlang. Bu fikr dastlab juda oddiy ko'rinadi. Lekin mag'zini chaqsang, ichida katta haqiqat bor: tartib tashqaridan emas, ichkaridan boshlanadi. Yugurish ham aynan shu — miyaga kundan kunga yangi ma'lumot yoziladi: "Men qiyinlashganda ham davom eta olaman." Bu ma'lumot faqat sport bilan qolmaydi, u hayotning har bir soatida ishlaydi.

Bek Olimjon bir maqolasida yozgan edi: "Bir ishni amalga oshirib bo'lmaydi degan odam, o'sha ishni qilayotgan odamga xalaqit bermasligi kerak." Yugurishni boshlaganingda ham xuddi shunday bo'ladi — ichingdagi ovoz to'sqinlik qiladi, bahona to'qiydi, ertagaga suradi. O'sha ovozga quloq solmaslik — bu irodaning birinchi mashqi.

Lekin meni eng ko'p hayron qoldirgan narsa yugurish paytidagi sukunat. Telefon yo'q, bildirishnomalar yo'q, "bir daqiqa" yo'q. Faqat yo'l, oyoq va nafas. Aynan shu bo'shliqda — kun davomida hech qachon eshitilmaydigan narsalar eshitiladi. O'z fikrlaring — tuzatilmagan, boshqalarga ko'rsatish uchun tayyorlanmagan, shunchaki sen.

Bugungi dunyo bu bo'shliqdan qo'rqadi. Har bir jimlik darhol to'ldiriladi — musiqa, podcast, scroll. Chunki jimlikda o'zingni ko'rasan, va ko'pincha u yerda yoqmaydigan narsalar bor. Lekin ko'rmaslik ularni yo'q qilmaydi, faqat yashiradi. Yugurish — bu majburiy ko'zgu. Qochib bo'lmaydi.

Bir kuni — aniq qachon bo'lganini bilmayman — yugurish og'riq bo'lib qolmadi. Ya'ni og'riq yo'qolmadi, lekin u endi to'siq emas, balki yo'lga aylandi. Nafas qiyinlashsa, bilaman: to'g'ri yo'ldaman. Oyoq og'risa, bilaman: yana biroz bor. Bu sezgi hayotda ham paydo bo'ladi — qiyin narsalar signalga aylanadi, qo'rquvga emas.

Warren Buffet "Rejali ahmoq odam rejasi yo'q dono odamni yenga oladi" degan. Yugurishga chiqqanda ham reja bor: har kuni, bir xil vaqt, bir xil yo'l. Oddiy reja. Lekin bu oddiy reja miyaga tartib o'rgatadi — va tartib o'rgangan miya katta va murakkab narsalarni ham tizimga solib chiqadi.

Ingliz tilini o'rganish uchun 900–1100 soat kerak ekan. Yugurish odatiga o'rganish uchun esa shunchalar kerak emas — faqat ertaga emas, bugun chiqish kerak. Va ertaga yana. Tinchlik yugurmasdan topilmaydi — u yugurganingda, ichida, o'sha og'riqning narigi tomonida paydo bo'ladi. @Shohrux_Notes