Shohrux Foziljonov
Back to all writing

Personal

Hech kim hech kimdan orqada ham, oldinda ham emas

August 24, 2026 · 1 min read

Hech kim hech kimdan orqada ham, oldinda ham emas

Tasavvur qiling: velosipedda uzun yo‘lda ketyapsiz. Yo‘lning o‘rtasida pastlik bor. Pastga tushish sizga oson — vazningiz va yo‘lning pasayibi yordam beradi. Lekin pastlikdan chiqishda shu kuchning o‘zi yetmaydi. Masofa bir xil bo‘lsa ham, jarayonning o‘zi boshqacha. Nega? Sababi — tashqi va ichki omillar ta’siri o‘zgardi. Bu omillarni siz boshqara olmaysiz.

Hayotda ham shunday. Biror narsani o‘rganayotgan bo‘lsangiz, izlanayotgan bo‘lsangiz, boshqa odam sizdan tezroq natijaga erishishi mumkin. Balki u iqtidorlidir, balki sharoiti yaxshiroqdir, balki o‘sha ko‘nikmani o‘rganishi unga tabiiy osondir. Bu paytda o‘sha velosiped misolini eslang. Hamma bir xil yo‘lda harakat qilsa ham, yo‘lning relyefi hamma uchun bir xil emas.

Tashqi va ichki omillarning ko‘pini biz o‘zgartira olmaymiz. Lekin bir narsa haqiqat: Vaqt va to‘g‘ri qo‘yilgan prioritetlar bu ta’sirlarning kuchini sekin-asta kamaytiradi. Ko‘nikma — takror bilan shakllanadi. Strategiya — tajriba bilan yaxshilanadi. Harakat — o‘z mevasini beradi.

Moddiy masalalarda esa buni ehtiyotkorroq qo‘llash kerak. Chunki har kimning sharoiti, mas’uliyati, imkoniyati, hatto maqsadi boshqacha. Hamma bir xil narsaga erishishi shart emas, va bu normal. Muhimi — o‘z hayotingizning prioritetlari bo‘lsin, o‘sha yo‘ldan og‘ishmay, asta-sekin yuqoriga intiling.

Shuning uchun “kimdir mendan o’tib ketti” degan o‘y sizni chalg‘itmasin. Hech kim hech kimdan orqada ham, oldinda ham emas — hamma o‘zining tog‘ini ko‘tarayapti. To‘g‘ri yo‘nalish, to‘g‘ri prioritetlar va uzluksiz harakat bilan siz ham o‘zingiz belgilagan cho‘qqiga albatta yetasiz.

28.11.2025 Toshkent. TATU

@Blog_MindFlow