Shaxsiy
Jamoada mendan tashqari yana 2 ta rasmiy xodim bor, ikkalasi ham uylangan. Oxirgi payt...
24-avgust, 2026 · 2 daqiqa o'qish
Jamoada mendan tashqari yana 2 ta rasmiy xodim bor, ikkalasi ham uylangan. Oxirgi payt kuzatib qarasam, ularning hayoti ancha muvozanatli ko‘rinadi: uyqu rejimi joyida, kun tartibi stabil, ish va shaxsiy hayot orasida balans bor. Menda esa hozircha buning aksi — uyqu rejimi ham ideal emas, kunlar ba’zan tartibsiz ketadi, miyani to‘liq “offline” qilish qiyin.
Shu holatni biroz analiz qilib ko‘rdim. Menimcha, farq ko‘proq yosh yoki xarakterda emas, hayot tizimida.
Uylangan odamning hayotida tabiiy ravishda struktura paydo bo‘ladi. Chunki uning qarorlari faqat o‘ziga bog‘liq bo‘lmaydi. Uy, oila, mas’uliyat insonni asta-sekin rejimga majbur qiladi:
- vaqtida uxlash,
- vaqtida turish,
- kunni oldindan rejalash,
- energiyani tejab ishlatish.
Natijada hayot tashqaridan ancha balansli ko‘rinadi.
Menda esa hozir erkinlik ko‘proq. Ish, yugurish, o‘z ustimda ishlash, maqsadlar — hammasi parallel ketmoqda. Bunday davrda odamning ichki energiyasi yuqori bo‘ladi, lekin tizim hali to‘liq shakllanmagan bo‘ladi. Ayniqsa digital yo‘nalishdagi ishlarda miya doim aktiv yuradi. Tana charchasa ham bosh ishlashda davom etadi.
Yana bir narsani tushundim: tartib ko‘p hollarda motivatsiyadan emas, majburiyatdan paydo bo‘lar ekan. Inson yolg‘iz yashaganda ko‘p narsani kayfiyat bilan boshqaradi. Mas’uliyat oshgani sari esa tizim shakllanadi.
Lekin bu gaplar “uylanish kerak ekan” degan xulosa emas. Har bir davrning o‘ziga yarasha kuchli tomoni bor. Hozirgi bosqichda menga aynan erkinlik kerak deb o‘ylayman:
- ko‘proq harakat qilish,
- o‘zimni izlash,
- tajriba qilish,
- yiqilib ko‘rish,
- o‘sish.
Chunki hozirgi erkin davr keyingi stabil hayot uchun fundament ham bo‘lishi mumkin.
Shunchaki bitta narsani tushundim: uzoq muddatda insonni motivatsiya emas, tizim ushlab turadi. Men esa hozir asta-sekin o‘zimning sistemamni qurish jarayonidaman.
P.S. O‘zimni ko‘p ayblardim: “Nega menda hammasi boshqalarnikidek tartibli emas?” deb. Keyin tushundim — hamma gap ayni qaysi hayot bosqichida ekanligimizda ekan. Hozirgi holatim men tanlagan erkinlikka mos. Demak, o‘zimni sindirish emas, shu davrni to‘g‘ri yashab, maza qilib harakat qilish kerak. Natija esa vaqt bilan keladi.